Kaliningrad viloyati

Kaliningrad viloyati - Rossiya Federatsiyasida gi viloyat. 1946-yil 7-aprelda tashkil etilgan, maydoni 15,1 ming km2. Aholisi 951,3 ming kishi (2000), asosan, ruslar, beloruslar, ukrainlar; shaharliklar 79%ni tashkil qiladi. 13 ta tumanga boʻlingan, 22 ta shahar, 5 ta shaharcha bor (2000). Markazi – Kaliningrad shahri.
Kaliningrad viloyati Boltiq dengizi janubi-sharqiy sohilining bir qismini egallaydi. Janubida Polsha bilan chegaradosh. Yer yuzasi bir oz koʻtarilgan pasttekislik, janubi-sharqida Boltiq gryadasi bor. Sohili qumli plyajdan iborat. Shimolida Kaliningrad viloyati hududining bir qismi dengiz sathidan pastda joylashgan. Foydali qazilmalardan toshtuz, qoʻngʻir koʻmir, gil, qurilish qumlari, neft, torf mavjud. Iqlimi dengiz iklimi bilan moʻtadil kontinental iklim orasida. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi -3° dan -5° gacha, iyulniki 15–17°. Yiliga qariyb 700 mm yogʻin yogʻadi. Vegetatsiya davri 155– 180 kun. Hududining 12%ini ichki suvlar tashkil etadi. Yirik daryolari: Neman va Pregolya. Yuzdan ortiq koʻl mavjud. Viloyatning 7% hududi botqoqlik. Tuproqlari podzol va chimli podzol tuproqlar.
Asosiy sanoat tarmoqlari: oziq-ovqat (asosan, baliqni qayta ishlash), mashinasozlik, sellyuloza-qogʻoz, yengil sanoat. Kahrabo qazib olinadi va ishlov beriladi (Yantarniy sh.). Mashinasozlik korxonalari, baliqchilik sanoati uskunalari, kompyuterlar, yerning sunʼiy yoʻldoshlari uchun kichik raketa dvigatellari, gaz quvurlari uchun jihozlar, yoritish texnikasi, mikrodvigatellar, savdo jihozlari, oʻzi yuk ortadigan yirik vagon-dumpkarlar, elektr yuk ortish mashinalari, kemalar va boshqalar ishlab chiqariladi. Yogʻochsozlik va sellyuloza-qogʻoz sanoati uchun xom ashyo Rossiyaning shimolidan keltiriladi. Qurilish materiallari ishlab chiqarish, yengil, goʻsht va sut, mebel sanoatlari ham rivojlangan. Sanoat korxonalarining aksari qismi Kaliningrad, Chernyaxovsk, Gusev, Svetlogorsk, Neman va boshqa shaharlarida joylashgan. Qishloq xoʻjaligining asosiy tarmoqlari: sut-goʻsht chorvachiligi, choʻchqachilik, parrandachilik. Qoramol, choʻchqa, qoʻy va echki boqiladi. Baliq ovlanadi. Sabzavotchilik va kartoshkachilik bilan shugʻullaniladi. Gʻalla (bahorgi arpa, suli, kuzgi bugʻdoy, javdar), yem-xashak ekinlari ekiladi. Moʻynachilik rivojlangan. Dengiz transporti (portlari – Kaliningrad va Baltiysk) taraqqiy etgan. Neman va Pregolya daryolarida kema qatnaydi. Kurortlari – Svetlogorsk, Zelenogradsk[1].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]| Rossiya oid ushbu maqola chaladir. Siz uni boyitib, Vikipediyaga yordam berishingiz mumkin. |